Kontent qismiga oʻtish

Sahoba

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sahoba (arabcha: اَلصَّحَابَةُ‎‎; aṣ-ṣaḥāba — „suhbatdosh boʻlmoq“, „sohib boʻlmoq“) paygʻambar Muhammad alayhissalomni koʻrgan, u bilan suhbatdosh boʻlgan, doʻst tutingan va unga iymon keltirib, iymonli holida vafot etgan musulmonlarga nisbatan qoʻllaniladigan atamadir. Sahobalar Islom taʼlimotini keyingi avlodlarga yetkazishda katta xizmatlar qilishgan. Ularning ismlari oldidan „raziyallohu anhu“ yaʼni „Alloh ulardan rozi boʻlsin“ jumlasi qoʻshib aytiladi. Sahobalar Muhammad alayhissalom hayotlik davrida ham, uning vafotidan keyin ham musulmonlar hayotida muhim oʻrin tutgan. Ular musulmonlarning janglarida, jamiyat hayotida, hadislarni rivoyat qilishda hamda davlat boshqaruvida muhim rol oʻynagan. Sahobalar davri Muhammadning 632-yilda vafotidan keyin ham davom etib, oxirgi sahoba Abu at-Tufaylning 110-hijriy (728-yil)da vafot etishi bilan yakunlangan.

Muhammad alayhissalom va uning sahobalari hayotiga oid rivoyatlar, hadislar asosida musulmonlarning hayot tarzi — sunnat, unga amal qilishni nazarda tutuvchi xulq-atvor va huquqiy meʼyorlar majmui — shariat, shuningdek, islom huquqshunosligi — fiqh shakllangan.

Sahobalardan keyingi avlod, yaʼni Muhammad alayhissalom vafotidan soʼng tugʼilgan va sahobalardan kamida bittasini koʼrgan yoki u bilan uchrashgan musulmonlar tobein (arabcha: tabiʼun, „ergashuvchilar“) deb ataladi. Tobeinlardan keyingi uchinchi avlod — kamida bitta tobein bilan uchrashgan musulmonlar esa tabaʼa tobein (tābiʼ at-tābi‘īn, „tobeilarga ergashganlar“) nomi bilan mashhur. Islom tarixidagi ushbu uch avlod — sahobalar, tobeinlar va tabaʼa tobeinlar — birgalikda salaf deb ataladi.