Kontent qismiga oʻtish

Dehli

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Qutb Minar

Dehli — Hindiston poytaxti va Dehli ittifoqdosh hududining maʼmuriy markazi. Aholisi 11,7 mln. kishi (2007). Hindistonning shimoli-gʻarbida Jamna daryosi boʻyida, dengiz sathidan 216 m balandlikda joylashgan. Dehlida iyul oyining oʻrtacha temperaturasi 31°, yanvar niki 14,2°. Bir yilda oʻrtacha 660 mm yogʻin yogʻadi.

Hozirgi Dehli qadimgi Indraprastha (Indarpat) shahri yaqinida VIII asrning 1-yarmida barpo etilgan. 1206-yildan Dehli sultonligining, 1526-yildan Boburiylar saltanatining poytaxti (Dehli shahrini poytaxt tutgan hukmdorlarning deyarli barchasi turkiylar boʻlgan). 1803-yilda Dehlini inglizlar bosib oldi. 1857—1859-yillarda shahar hind milliy qoʻzgʻolonining muhim markazlaridan biri boʻlgan. 1911-yildan Britaniya Hindistonining poytaxti, oʻsha yildan Dehlining janubiy-gʻarbida Yangi shahar (Nyu-Dehli) qurila boshladi. 1947-yildan mustaqil Hindiston poytaxti, 1950-yildan Hindiston Respublikasi poytaxti.

Dehli — mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Hindiston shimolidagi muhim transport yoʻllari tuguni. Bu yerdan mamlakatning turli tomoniga va chet mamlakatlarga temir yoʻl, avtomobil va havo yoʻllari ketgan. Dehlida 3 ta aeroport mavjud. Shaharda poytaxt aholisi ehtiyoji uchun mahsulot ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari: toʻqimachilik, tikuvchilik, trikotaj, koʻn poyabzal, oyna-keramika, kimyo-farmatsevtika, elektronika, metallsozlik va mashinasozlik koʻproq rivojlangan. Dehli qadimdan anʼana boʻlib kelayotgan badiiy hunarmandchilik (fil suyagi oʻymakorligi, nafis zargarlik buyumlari, oltin va kumush buyumlar ishlab chiqarish) bilan ham mashhur.

Dehlining eski qismi — Shohjahonobodda qadimgi meʼmoriy va sanʼat yodgorliklaridan shahar devori (qisman) darvozalari bilan, Dehli jome masjidi, Laʼl-Qila (Qizil fort) saroy kompleksida Boburiylar davrining oq marmardan ishlangan saroylari (RangMahal, Devoni-Om, Devoni Xos, barchasi 1639—1648-yillarda qurilgan), Marvarid masjid (1660) bor. Eski shahardan janubga tomon Feruzobod shahri vayronalari (1351—1388), Kulon (1380) va Qilai-Koʻhna (1545) masjidlari bilan Purana qalʼa saroy-qoʻrgʻon ansambli (1540), Humoyun maqbarasi (1565) va boshqalar saqlangan. Dehlining eski qismidan 20 km janubda 4 ta shahar-qalʼa mavjud: Siri (1303-yilda qurila boshlagan), Jahonpanoh (XIV asr), Toʻgʻloqobod (1325, Gʻiyosiddin maqbarasi) va Laʼl-Kot (XII asr oxiri). Laʼl-Kotda Temir ustun (415), Quvvat ul-Islom masjidi (1193-yilda qurila boshlagan), Qutb Minor minorasi, Eltutmish maqbarasi (1235-yildan boshlab) mavjud. Dehlining yangi qismi katta maydonlar, bogʻlar va ulardan boshlangan keng koʻchalardan iborat boʻlib, u yerda „Hindiston Darvozasi“, markaziy hukumat qarorgohi, maʼmuriy idoralar, banklar va boshqalar joylashgan. 2 ta universitet, koʻplab kollej va institutlar, sanʼat va badiiy akademiyalar, badiiy galereyalar, muzeylar, Mahatma Gandi va Javoharlal Neru memorial muzeylari, teatrlar, Milliy muzey, amfiteatr, rasadxona va boshqalar bor. Koʻplab zamonaviy turar joy binolari qurilgan.

  • OʻzME. Birinchi jilDehli Toshkent, 2000-yil