Assom – Hindistonning shimoli-sharqidagi shtat. Sharqiy Himolay togʻlari etagida. Maydoni 78,5 ming km². Aholisi 22,3 mln. kishi (1991-yil), yarmidan koʻprogʻini assomlar, 18% ni bengallar tashkil etadi. Maʼmuriy markazi – Dispur shahri. Qadimda va ilk oʻrta asrlarda Assom hududi Kamarupa deb atalgan. Angliya – Birma urushlari (XIX asr) natijasida Assom Angliyaning Hindistondagi mulklariga qoʻshib olingan. 1950-yildan Hindiston Respublikasi shtati. Shtat aholisining 9/10 qismi Brahmaputra va Surma vodiysida, qolganlari togʻli viloyatlarda yashaydi. Assom hududining yarmi past tekislik, qolgan qismi balandlik 3 826 metr gacha boʻlgan Assom togʻlaridan iborat. Tez-tez zilzila boʻlib turadi. Iqlimi tropik, musson iqlim, sernam. Dunyoda eng koʻp yogʻin tushadigan joy. Yiliga 12500mm gacha yogʻin yogʻadi. Doim yashil tropik oʻrmonlar va butazorlar bor. Assom Hindistonda choy yetishtiradigan va sholi hamda jut ekishga ixtisoslashgan mayda dehqon xoʻjaliklari oʻlkasidir. Aholining 80% ga yaqini qishloq xoʻjaligida ishlaydi. Assomning yer maydonining 15% iga ekin ekiladi. Butun Hindistonda yetishtiriladigan choyning yarmiga yaqinini Assom beradi. Loviya, shakarqamish, tamaki, paxta, kunjut, indov va xantal ekiladi. Assomning ishlab beruvchi sanoati nisbatan yirik choy fabrikalaridan, faner va yashik ishlab chiqaradigan korxonalar, objuvoz va yogʻ korxonalari, Dhubridagi gugurt fabrikasidan iborat. Digboy va Naharkatiya Hindistonda neft chiqariladigan muhim rayondir. Neft qazib olish va qayta ishlash Assom sanoatining asosiy tarmoqlaridan biri. Koʻmir (Margerita) va ohaktosh qazib chiqarish mahalliy ahamiyatga ega. Brahmaputra vodiysi boʻylab oʻtadigan temir yoʻl Assom Hindistonning boshqa qismlari bilan bogʻlaydi; Brahmaputradan Dibrugarhgacha kema qatnaydi.